Markaziy bank: «Yil oxiriga qadar valuta kursi keskin o‘zgarishi

Markaziy bank 2019 yilning yanvar-sentabr oylari davomida ichki valuta bozori to‘g‘risida qisqacha sharh e'lon qildi

2019 yilning 9 oyi davomida ichki valuta bozorida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan valuta oldi-sotdi operatsiyalarining jami aylanma hajmi 24,3 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga (18,3 mlrd. doll.) nisbatan 1,3 barobarga oshdi.

Ichki valuta bozorida amalga oshirilgan operatsiyalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Valuta birjasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar

Valuta birjasining banklararo savdo sessiyalarida amalga oshirilgan valuta oldi-sotdi operatsiyalarning hajmi 15,5 mlrd. dollarni tashkil etib, bundan jami talab 7,7 mlrd. dollarga, taklif esa 4,8 mlrd. dollarga teng bo‘ldi.

Talab va taklif o‘rtasidagi 2,9 mlrd. dollar miqdoridagi tafovut Markaziy bankning sof intervensiyalari hisobiga qoplanib, yil boshidan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan monetar oltin hajmi (3,0 mlrd. doll.) doirasida bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, pul-kredit siyosatidan kelib chiqib, iqtisodiyotga qo‘shimcha kiritilgan likvidlikni sterilizatsiya qilish imkonini yaratdi.

Birjadan tashqari valuta bozorida amalga oshirilgan operatsiyalar:

- Birjadan tashqari valuta bozorida tijorat banklari tomonidan amalga oshirilgan valuta oldi-sotdi operatsiyalarining jami hajmi 5,2 mlrd. dollarga teng bo‘ldi. Bunda tijorat banklari mijozlar-yuridik shaxslardan 3,0 mlrd. dollar miqdorida valuta mablag‘lari sotib olib, o‘z navbatida ularga 2,2 mlrd. dollar miqdorida valuta mablag‘lari sotildi. Ushbu operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan 0,8 mlrd. dollar miqdoridagi valuta mablag‘lari tijorat banklarining o‘z ixtiyorida qolib, ichki valuta bozorida qo‘shimcha taklif shakllanishiga zamin yaratdi;

- Valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali tijorat banklari bilan aholi o‘rtasida amalga oshirilgan valuta oldi-sotdi (naqd va naqdsiz shaklda) operatsiyalarining jami hajmi 3,6 mlrd. dollarga yetdi. Bunda aholidan sotib olingan valuta mablag‘lari 2,5 mlrd. dollarni, aksincha ularga sotilgan valuta miqdori 1,0 mlrd. dollarni tashkil etdi. Yuqoridagi kabi, aholi bilan amalga oshirilgan operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan 1,5 mlrd. dollar miqdoridagi valuta mablag‘lari ham ichki valuta bozorida taklif yaratdi.

Tijorat banklarining aholi bilan valuta oldi-sotdi operatsiyalari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi.

Shuningdek, joriy yil yanvar-sentabr oylari davomida aholi tomonidan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari jami aylanma hajmi 5,2 mlrd. dollarni tashkil etib, bundan 4,5 mlrd. dollar valuta mablag‘lari respublikaga xalqaro pul o‘tkazmalar tizimi orqali kirib kelgan bo‘lsa, 0,8 mlrd. dollar aholi tomonidan chet el mamlakatlariga yuborilgan.

Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kirib kelgan valuta mablag‘lar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 %ga oshdi (2018 yil yanvar-sentabr - 3,8 mlrd. doll.).

Valuta kursi dinamikasi

2019 yilning 9 oyida davomida milliy valutamizning chet el valutasiga nisbatan kursi ichki valuta bozorida mavjud talab va taklifdan kelib chiqib 13 %ga pasaydi. Ushbu davr mobaynida valuta kursining minimal va maksimal ko‘rsatkichi mos ravishda 8334 so‘m/doll. (yanvar oyida) va 9457 (sentabr oyida) so‘m/dollarni tashkil etdi.

Joriy yilning avgust oyida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida almashuv kursining yangi bozor sharoitlariga moslashtirilishidan so‘ng sentabr-oktabr oylarida valuta birjasida almashuv kursi dinamikasining barqarorligi kuzatilib, makroiqtisodiy sharoit va omillarni inobatga olgan holda yil yakuniga qadar keskin o‘zgarishi kutilmayapti.

Yuklab olish