O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 24 maydagi Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi 357-sonli qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish, tegishli ravishda, adliya organlari yoki tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Inspeksiyalari tomonidan bir vaqtning o‘zida ularni soliq va statistika organlarida hisobga qo‘ygan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari bilan aksiyadorlik kompaniyalari (shu jumladan, davlat-aksiyadorlik kompaniyalari va xoldinglar) shaklida tashkil etilayotgan xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek Toshkent shahrida tashkil etiladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, bozorlar hamda soliq maslahatchilari tashkilotlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tashkilotlar – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan;
tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etiladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, bozorlar hamda soliq maslahatchilari tashkilotlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tashkilotlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar adliya boshqarmalari tomonidan;
barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar, yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari - tumanlar va shaharlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, tijorat faoliyati uchun tovarlarni olib keluvchi yuridik shaxs bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yildagi 2 sentyabrdagi 413-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib keluvchi yuridik shaxs bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi.